+998 78 129-0444
+998 90 356-3330
info@veropipe.uz

SUV TA'MINOTI SOHASIDA – QAYTA TASHKIL ETISH VA VAKOLATLARNI QAYTA TAQSIMLASH

19.03.2020
Prezidentning 26 noyabrda imzolangan Farmoni va qarorida sohadagi islohotlarning navbatdagi bosqichi nazarda tutilgan.
Uy-joy kommunal xizmat ko'rsatish vazirligi Yagona davlat suv fondi suvlarini hisobga olish, monitoring qilish, xavfsizligi va sifatini ta'minlashni muvofiqlashtirish sohasida, shuningdek yagona suv balansini shakllantirish bo'yicha vakolatli davlat organi etib belgilangan. Shu munosabat bilan uning zimmasiga qo'shimcha vazifalar yuklangan. Ushbu vazifalarni amalga oshirish uchun vazirlik markaziy apparati tarkibida yangi uchta boshqarma tashkil etilgan, ularga vazirning birinchi o'rinbosari mutasaddilik qiladi. Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ichimlik suvidan foydalanishni nazorat qilish davlat inspektsiyasi Uy-joy kommunal xizmat ko'rsatish vazirligi tarkibiga o'tkaziladi. Amaldagi vazifalari, funktsiyalari va moliyalashtirish tartibi saqlab qolinadi.
Vazirlik respublika suv balansining yagona axborot tizimini yuritadi. Unda vakolatli vazirliklar va idoralar tomonidan taqdim etilgan Yagona davlat suv fondi suvlarining miqdoriy va sifat ko'rsatkichlari to'g'risidagi ma'lumotlar aks ettiriladi.
Uy-joy kommunal xizmat ko'rsatish vazirligi suvni hisobga olishning to'g'riligini, uning xavfsizligi va sifatini tasdiqlangan va yangilangan ma'lumotlarni yagona ma'lumotlar bazasiga kiritgan holda monitoring qiladi, shuningdek aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish choralarini ishlab chiqadi. Suvni hisobga olish holati, uning xavfsizligi va sifatini ta'minlash, respublikaning yagona suv balansini shakllantirish to'g'risidagi hisobot aniq takliflar bilan tizimli ravishda Prezident Administratsiyasiga va Vazirlar Mahkamasiga taqdim etiladi.
Suv ta'minoti va suv chiqarish tizimini rivojlantirish strategiyasi ishlab chiqilmoqda. Bu ishlarga yetakchi xorijiy ekspertlar jalb etilgan. Xususan, Yagona davlat suv fondi suvlarini hisobga olish, monitoring qilish, xavfsizligi va sifatini ta'minlashning yagona markazlashtirilgan tizimini yaratish, «Raqamli suv ta'minoti korxonasi» tizimini joriy etish rejalashtirilmoqda.
Tayyorlanayotgan strategiyaning yo'nalishlaridan biri – suv ta'minoti korxonalarini suv ta'minoti va suv chiqarish tizimlari ob'ektlarini ekspluatatsiya qilishda yagona operator funktsiyasini bajarishni amalga oshiradigan alohida korporativ tuzilma etib qayta tashkil etish. «O'zsuvta'minot» AJ shunday tuzilmaga aylantiriladi, Uy-joy kommunal xizmat ko'rsatish vazirligi tizimidagi DUK ustav kapitalidagi aktivlar va davlat ulushlari unga o'tkaziladi. Ushbu korxonalar 2020 yil 1 mayga qadar shartnomalar, huquq va majburiyatlar bo'yicha huquqiy vorislik shartlarida MChJga qayta tashkil etiladi. Bunda suv ta'minoti korxonalarining qarzi qayta tarkiblanib, 5 yil muddatga kechiktirildi, shu muddatdan keyingi 5 yil mobaynida har oy bir me'yorda so'ndiriladi, hisoblangan penya esa hisobdan chiqariladi.
2020 yil 1 yanvardan «O'zsuvta'minot» AJ va uning tarkibiga kiruvchi tashkilotlariga to'lovlarning to'liqligi va o'z vaqtida amalga oshirilishini ta'minlash, iste'molchilarning qarzdorligini kamaytirish vazifasi yuklatiladi. Ayni paytda bu vazifani Majburiy ijro byurosi bajarmoqda.

Suv ta'minoti va suv chiqarish sohasidagi Loyihalar tayyorlanishini moliyalashtirish jamg'armasini shakllantirish hamda loyihalarning texnik-iqtisodiy asoslarini ishlab chiqishni keyinchalik moliyalashtirish uchun Osiyo taraqqiyot banki 15 mln AQSh dollari miqdorida qarz mablag'lari ajratadi. Buning hisobiga sohada zamonaviy axborot va resurs tejovchi texnologiyalar, shuningdek ichimlik suvini ishlab chiqarish va taqsimlash bo'yicha inshootlarning zamonaviy o'lchov asboblari (sarf o'lchagichlari) paydo bo'ladi.